Shaxmat boʻyicha “M.Muhiddinov Memorial 2025” xalqaro musobaqasini
tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisidagi
NIZOM
Toshkent, Oʻzbekiston
6-12-iyul 2025-yil
I. Musobaqa tasnifi
1. Musobaqa quyidagi maqsadlarda tashkil etiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi “2026-yil Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik koʻrish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash;
Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi aʼzolarining mahoratlarini oshirish;
Xorijlik mahoratli shaxmatchilar bilan tajriba almashish;
Oʻzbekiston shaxmatchilarining xalqaro reytinglarini va unvonlarini oshirishlariga koʻmaklashish.
II. Musobaqa tashkilotchilari
2. Musobaqaga umumiy rahbarlik qilish Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi (keyingi oʻrinlarda tashkilotchi deb nomlanadi) tomonidan amalga oshiriladi. Musobaqani bevosita boshqarish tashkilotchilar tomonidan tayinlangan hakamlar hayʼatiga yuklanadi.
III. Oʻtkazish vaqti va joyi
3. Musobaqa 2025-yil 6-iyul (kelish) 12-iyul (ketish) kunlari Toshkent shahri, Islom Karimov koʻchasi, 98 A uyda boʻlib oʻtadi.
IV. Musobaqa oʻtkazish tartibi
4. Musobaqa FIDE qoidalari asosida, aylanma tizimda, 10 nafar ishtirokchi oʻrtasida oʻtkaziladi.
5. Ishtirokchilarning har biriga 90 daqiqa va birinchi yurishdan boshlab har bir yurish uchun 30 soniyadan qoʻshib boriladi.
6. Taklif etilgan xorijlik va oʻzbekistonlik shaxmatchilarning reytinglari 2025-yilning 1-iyul holatiga koʻra, hisobga olinadi.
7. Musobaqada ishtirok etishni istagan xorijlik va oʻzbekistonlik shaxmatchilar 2025-yilning 20-iyun sanasiga qadar Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasining rasmiy elektron pochtasi uzchess@inbox.ru yoki @Akmal_Fayzullaev telegrami orqali ariza yuborishlari mumkin.
V. Musobaqa dasturi
VI. Gʼolib va sovrindorlarni aniqlash
8. Gʻolib va sovrindorlar toʻplangan ochkolar soni boʻyicha aniqlanadi, agar yigʻilgan ochkolar teng boʻlsa, quyidagi qoʻshimcha koʻrsatkichlar inobatga olinadi:
1) shaxsiy uchrashuv;
2) sonneborn Berger;
3) gʻalabalar soni;
4) Koya sistemasi.
VII. Turnir ishtirokchilari
9. Oʻzbekistonlik shaxmatchilar quyidagi koʻrsatkichlari boʻyicha ishtirok etishlari mumkin:
— xalqaro unvoni FIDE sport ustasi;
— xalqaro reytingi 2100 va undan yuqori boʻlgan 2007-yil va undan kichik shaxmatchilar.
VIII. Apellyatsiya qoʻmitasi
10. Turnir natijasi boʻyicha berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqish uchun kamida
5 (3 ta asosiy, 2 ta zaxira) kishidan iborat apellyatsiya qoʻmitasi tashkil etiladi. Apellyatsiya qoʻmitasi tarkibi tashkilotchilar tomonidan tasdiqlanadi.
11. Turnir hakamlaridan va ularning qabul qilgan qarorlaridan norozi boʻlgan ishtirokchilar musobaqa jarayonida apellyatsiya qoʻmitasiga oʻyin tugagach, 1 soat ichida yozma ravishda murojaat qilishlari mumkin.
12. Apellyatsiya badali miqdori 1 000 000 soʻm. Agar apellyatsiya qanoatlantirilsa, badal puli arizachiga qaytariladi.
13. Apellyatsiya qoʻmitasi qarori hal qiluvchi hisoblanadi.
IX. Fair Play qoidalari
14. Barcha ishtirokchilar Fair Play qoidalariga rioya qilishlari va hamkorlik qilishlari kerak. Oʻyinchilar istalgan vaqtda bosh hakamning halol oʻyin qoidalariga asoslangan yakuniy qaroriga binoan turnirdan chetlatilishi mumkin.
X. Kiyinish tartibi va sogʻliqni saqlash choralari
15. FIDE dress kodi qoidalariga eʼtibor bering (shortik, shippak va hokazo).
Tana harorati koʻtarilgan yoki boshqa kasallik belgilari boʻlsa, ishtirokchi musobaqadan chetlashtirilishi mumkin.
XI. Moliyalashtirish
16. Tashkiliy xarajatlar, hakamlar, taklif etilgan xorijlik shaxmatchilar va xalqaro sport ustasi yoki grossmeysterlarning transfer, gonorar, turar joy va ovqatlanish xarajatlari tashkilotchilar va homiylik hisobidan qoplanadi.
17. Boshqa ishtirokchilar va murabbiylarning xarajatlari safarga yuboruvchi tashkilotlar tomonidan qoplanadi.
XII. Yakuniy qoidalar
18. Musobaqalarning muvaffaqiyatli oʻtishi uchun musobaqa nizomiga tashkilotchilar tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Aloqa maʼlumotlari:
Telefon, Telegram, WhatsApp: +99891 216 60 64
Veb sahifa: www.uzchess.uz
E-mail: uzchess@inbox.ru